Oʻzbekiston birjasida birinchi marta un boʻyicha ochiq savdo boʻlib oʻtdi
02 Июн 2022
1 iyun kuni Oʻzbekiston tovar-xom ashyo birjasida un mahsuloti boʻyicha dastlabki ochiq birja savdolari oʻtkazildi.
Birja xabariga koʻra, “Oʻzdonmahsulot” AJ tarkibidagi 44 ta korxona tomonidan bugungi birja savdolariga 10,0 ming tonna 1-navli un qoʻyilgan va ulardan 8,3 ming tonnasi, yaʼni 83 foizi sotilgan.
Birja savdolarida sotilmagan qoldiq unning hajmi qariyb 1,7 ming tonnani tashkil etgan. Yaʼni birjaning un bozorida taklif yetarli darajada boʻlgan.
Oʻtkazilgan birja savdo yakunlariga koʻra 1-navli unning oʻrtacha narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 4,5 mln soʻmni tashkil qildi.
Birjada un boʻyicha shakllangan kotirovka uning boshlangʻich narxiga (4,2 mln soʻm) nisbatan 6 foizga oʻsdi.
Un boʻyicha oʻtkazilgan birja savdolarida jami 2 822 xaridor ishtirok etgan boʻlib, ulardan 56 tasi Toshkentda non ishlab chiqaruvchi korxonalar hisoblanadi. Bu korxonalar birjada jami 874 tonna 1-navli un sotib olgan.
Eslatib oʻtamiz, 1 iyundan davlat gʻallani bozor narxlarida sotib olishni boshladi.
Manba: sputniknews-uz.com